2024 yil 17-27 noyabr kunlari "ESTE" advokatlik firmasining advokati Jahongir Sotiboldiyev Shveysariyaning Bazel shahrida bo‘ldi. O‘tgan 10 kun davomida u mediatsiya, nizolarni hal qilish, xalqaro huquq va inson huquqlari mavzulariga bag‘ishlangan xalqaro treningda ishtirok etdi. Tadbir BMT bo‘linmalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar xodimlari va mustaqil izlanuvchilarning malakasini oshirishga ixtisoslashgan Tinchlik va muloqot instituti (Institute for Peace and Dialogue, IPD) tomonidan tashkil etilgan. So‘nggi 12 yilda Institut 50 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlarning yuzlab xodimlari uchun 30 ta seminar va trening o‘tkazgan.
Trening davomida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish bilan bir qatorda J.Sotiboldiyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida tadbir ishtirokchilari bilan ma’lumot ulashdi. Shu bilan birga safar davomida u Shveysariya hamda bu mamlakat bilan chegaradosh Fransiya, Germaniya va Lixtenshteynning tarixiy va manzarali joylarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Trening yakunida Tinchlik va muloqot instituti rahbariyati ushbu tashkilotning ta’lim dasturlarida O‘zbekistonlik ishtirokchilar birinchi bor qatnashayoganligini alohida ta’kidlab, Institutning dasturlari to‘g‘risidagi ma’lumot mamlakatimiz advokatlik hamjamiyatining media-resurslari orqali e’lon qilingani uchun Advokatlar palatasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.